MORFOLOGIYA. OT. TURDOSH OTLAR. ATOQLI OTLAR. YAKKA OTLAR. JAMLOVCHI OTLAR. ANIQ OTLAR. MAVHUM OTLAR. KO‘PLIK KATEGORIYASI. EGALIK KATEGORIYASI. KELISHIK KATEGORIYASI. SODDA OTLAR. QO‘SHMA OTLAR. JUFT OTLAR.

Grammatika tilshinoslikning bir qismi hisoblanib, morfologiya va sintaksis bo‘limlarini qamrab oladi. Unda tilning grammatik qurilishi o‘rganiladi. Morfologiya grek tilidan (morfe–shakl, logos–so‘z) olingan bo‘lib, so‘zlarning tuzilishi, o‘zgarishi hamda so‘z turkumlarining o‘ziga xos qonuniyatlarini tadqiq etadi.  

  Morfologiya.  Tilshunoslikning bu bo‘limida so‘z turkumlari, ularning o‘ziga xos xususiyatilari o‘rganiladi.                                     

Ot. Ot so‘z turkumi o‘zbek va rus tillarida shaxs, narsa, voqea-hodisa va boshqalarning nomini bildiradi. Har ikkala tildagi ot so‘z turkumining mushtarak tomonlari bilan bir qatorda, farqli jihatlari ham bor. Bular quyidagilar:

1. O‘zbek tilida otlar jonli va jonsiz turlarga bo‘linmaydi. Rus tilida otlar shunday guruhlarga bo‘linadi.

2. O‘zbek tilida kim? so‘rog‘i faqat insonlarga nisbatan qo‘llanadi. Rus tilida esa kto? so‘rog‘i barcha jonli mavjudotlarga nisbatan qo‘llanaveradi.

3. O‘zbek tilida nima? so‘rog‘i insondan boshqa barcha narsalarga nisbatan qo‘llansa, rus tilida chto? so‘rog‘i faqat jonsiz narsalarga nisbatangina ishlatiladi.  

4. O‘zbek tilida kim? va nima? so‘roqlari kimlar? va nimalar? tarzida ham qo‘llanadi. Rus tilida bu so‘roqlarning ko‘plik shakli mavjud emas.

5. Ilmiy manbalar, darslik va qo‘llanmalarda o‘zbek tilida grammatik jins kategoriyasi yo‘q deb e’tirof etiladi.  Rus tilida esa mujskoy, jenskiy va sredniy rodlar mavjud. O‘zbek tilida uchraydigan adib – adiba, shoir – shoira, muallim – muallima kabi so‘zlar bundan mustasno. Bu so‘zlar arab tilidan o‘zlashgandir.

6. O‘zbek tilida qarashlilikni ifodalovchi egalik kategoriyasi mavjud. Rus tilida bu vazifani egalik olmoshlari bajaradi.

7. O‘zbek va rus tillarida oltitadan kelishik mavjud. Biroq o‘zbek tilida tvoritelnűy va predlojnűy kelishiklari, rus tilida esa o‘rin-payt va chiqish kelishiklari mavjud emas.

8. O`zbek tilida ot so`z turkumiga oid barcha so`zlar kelishik qo`shimchalarini olib turlanadi. Rus tilida esa ayrim so`zlar kelishiklar bilan turlanmasligi mumkin.

9. Rus tilida faqat birlik yoki ko‘plik shaklida qo‘llanadigan otlar mavjud. O‘zbek tilida esa otlarning bunday xususiyati yo‘q.

10. Rus tilida otlarning tugallanmasiga asoslanib ularning ma’lum grammatik jinsga yoki ot so‘z turkumiga taalluqli ekanligini bilsa bo‘ladi. O‘zbek tilida esa so‘zning ot yoki boshqa biror so‘z turkumiga qarashli ekanligini faqat uning ma’nosi orqaligina bilish mumkin. Bu xususiyat barcha mustaqil so‘z turkumlari uchun ham xosdir. Masalan:

            Ot                   Sifat                Fe’l

            qo‘ra               qora                qara

            asal                 kasal               tuzal

            o‘q                  oq                    chaq

            o‘rtoq              qo‘rqoq           qo‘rq

            tosh                 bo‘sh               tush

            Ko‘rinadiki,  so‘zlarning qaysi turkumlarga mansubligini bilish uchun ham ularning lug‘aviy ma’nosidan xabardor bo‘lish lozim.

            O‘zbek tilida otlar dastlab ikki turga bo‘linadi.     1. Turdosh otlar. 2. Atoqli otlar.

Turdosh otlar bir turdagi narsalarning nomini bildiradi: bola, ota, odam, gul, yaproq, qor, uzum, bog‘, qush, olma kabi.

Atoqli otlar shaxslar, narsa, voqea-hodisa, tashkilot va muassasalar, asarlar, gazeta-jurnallar, geografik joylar, hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlardir: Mahmud, Samarqand, «Xalq so‘zi» gazetasi, «Fan va turmush» jurnali, «Xamsa» dostoni, Navro‘z bayrami, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Boychibor kabi.

Jamlovchi otlar bir xildagi narsalarning jamini anglatuvchi otlardir: xalq, olomon, guruh, to‘da, gala, qo‘shin, poda kabi.

Aniq otlar kishi sezish a’zolariga ta’sir etuvchi narsalarning nomlarini anglatadi: bo‘yoq, yomg‘ir, tam, hid, havo, quyosh, muz, paxta, shira, tosh kabi.

Mavhum otlar inson ongi orqali idrok qilinishi mumkin bo‘lgan tushunchalarning nomlarini anglatadi: ong, fikr, xayol, baxt, shodlik, quvonch, sevgi, qo‘rquv, hayajon, kabi.                                                                              

O‘zbek tilida ko‘pgina atoqli otlar turdosh ot, sifat, fe’l kabi boshqa turkumlarga oid so‘zlar asosida paydo bo‘ladi: Lola, Ra’no, Qo‘chqor, Arslon, SHirin, Buyuk, Aziz, Turdi, O‘lmas, Tursun kabi.

Ko‘plik kategoriyasi. O‘zbek tilida ko‘plik kategoriyasi ikki usul bilan hosil bo‘ladi: 1. Morfologik usul. 2. Sintaktik usul.

Birinchi usulda otlarga -lar qo‘shimchasi qo‘shilib ko‘plik hosil qilinadi: qushlar, yo‘llar, dalalar, qishloqlar kabi.

Ikkinchi usulda ko‘plik so‘zlar yordamida hosil qilinadi: bir to`p bola, o‘nta bola, bir guruh bola, ko‘p bola, bir necha bola, bir to‘da bola, ancha bola kabi.

O‘zbek tilida quyidagi to‘rt guruh otlar odatda ko‘plik qo‘shimchasi olmasdan qo‘llanadi:

1.     Atoqli otlar: Toshkent, Anvar, Zarafshon, Urgut kabi.

2.     Donalab sanalmaydigan otlar: shakar, guruch, suv, choy, sut, neft, tuz, tuproq, qum, un kabi.

3.      Mavhum otlar: baxt, do‘stlik, quvonch, hayot, ishq, qayg‘u kabi.

4.      Inson tanasi a’zolari nomlari: soch, ko‘z, quloq, qo‘l, oyoq, tish, lab., tirnoq kabi.

 Egalik kategoriyasi. O‘zbek tilida u yoki bu narsa, buyumning uchala shaxsdan biriga tegishli ekanligini ifodalash uchun otlarga ma’lum egalik qo‘shimchalarini qo‘shish lozim.

Ular quyidagilar:

              Birlik  sonda

        Ko‘plik sonda

SHaxs

Unlidan so‘ng

Undoshdan so‘ng

Unlidan so‘ng

Undoshdan so‘ng

 I

 II

 III

tog‘a-m

tog‘a-ng

tog‘a-si

kitob-im

kitob-ing

kitob-i

tog‘a-miz

tog‘a-ngiz

tog‘a-lari(si)

kitob-imiz

kitob-ingiz

kitob-lari(i)

            Odatda egalik qo‘shimchasini olgan so‘zdan oldin qaratqich kelishigidagi so‘z keladi: Mening baxtim, akamning shimi, sening so‘zing  kabi.

            Quyidagi uch holatda so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilishi bilan so‘z o‘zagida o‘zgarish yuz beradi:

 1. So‘zning o‘zagi [k] tovushi bilan tugagan bo‘lsa, bu tovush [g] tovushiga aylanadi: Masalan: telpak, uzuk, ertak kabi. Telpagim, telpaging, telpagi, telpagimiz, telpagingiz, telpaklari kabi.

2. So‘zning o‘zagi [q] tovushi bilan tugagan bo‘lsa, bu tovush [g‘] tovushiga aylanadi. Masalan: o‘rtoq, qishloq, barmoq, qoshiq, sochiq kabi. O‘rtog‘im, o‘rtog‘ing, o‘rtog‘i, o‘rtog‘imiz, o‘rtog‘ingiz, o‘rtoqlari kabi.

3. Quyidagi so‘zlarga qo‘shilganda so‘z oxiridagi unli tovush tushib qoladi: o‘g‘il, singil, ko‘ngil, bo‘yin, bo‘g‘iz, og‘iz, burun, qorin, shahar kabi. O‘g‘lim, o‘g‘ling, o‘g‘li, o‘g‘limiz, o‘g‘lingiz, o‘g‘illari kabi.

 Ammo bu qoidalarga ishtirok, idrok, polk, bank, tank, blok, park, erk, burk, yuk, huquq, haq, zavq, xalq, xulq, axloq, nutq kabi so‘zlar bo‘ysunmaydi.

Kelishik kategoriyasi. O‘zbek tilida oltita kelishik bor. Kelishik qo‘shimchalari so‘zlarni o‘zaro sintaktik aloqaga kiritib, ularni bir-biriga bog‘lash uchun xizmat qiladi.

1. Bosh kelishik. Morfologik ko‘satkichi, ya’ni qo‘shimchasi yo‘q. Bosh kelishikdagi so‘z kim? nima? qayer: so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Bosh kelishikdagi so‘z asosan ega yoki ot-kesim vazifasida keladi. SHuningdek bosh kelishik shakli izohlovchi, undalma, sifatlovchi-aniqlovchi vazifalarida ham kelishi mumkin.

Ega: Alisher Navoiy 1467-1469 yillarda Samarqand shahrida yashagan.

Kesim: Kamoliddin Behzod- - buyuk rassom.

Undalma: Bahodir, bugun darsga soat nechada borasan?

Izohlovchi: Professor Xudoyberdi Doniyorov o‘zbek shevalari haqida yirik ilmiy tadqiqotlar yaratdi.

Aniqlovchi: Sho‘rva yog‘och qoshiq bilan ichiladi.

2. Qaratqich kelishigi. Qo‘shimchasi –ning. Kimning? nimaning? qayerning? so‘roqlariga javob bo‘ladi. Nutqda belgili, ya’ni qo‘shimchasi qo‘shilgan holda va belgisiz, ya’ni qo‘shimchasi yashirin holda qo‘llanadi. Gapda faqat qaratqichli aniqlovchi bo‘lib keladi.

Belgili: Universitetning hovlisida katta oshxona bor.

Belgisiz: Tog‘ echkilari qishda pastga tushadi.

Qaratqich kelishigi qarashlilikni ifodalash uchun xizmat qiladi. Bunda qaratqich kelishigidagi so‘zdan keyingi so‘z tegishli shaxsdagi egalik qo‘shimchasini olgan bo‘ladi. Masalan: mening kitobim, sening daftaring, uning qalami, bizning uyimiz, sizning hovlingiz, ularning ko‘chasi kabi. Narsa-buyum aniq bir shaxsga tegishli bo‘lganda qaratqich kelishigi belgili holda, qarashlilik mavhum, umumiy bo‘lganda belgisiz holda qo‘llanadi. Masalan: akamning do‘sti, opamning xonasi, cho‘l havosi, majlis qarori, shahar ko‘chalari, qishloq bolalari kabi.

3. Tushum kelishigi. Qo‘shimchasi –ni. Kimni? nimani? qayerni? so‘roqlariga javob bo‘ladi. Bu kelishik ham nutqda belgili yoki belgisiz holda qo‘llanadi. Gapda faqat vositasiz to‘ldiruvchi vazifasini bajaradi. Tushum kelishigidagi so‘z umumiylikni, noaniqlikni ifodalasa, belgisiz holda bo‘ladi. Aniq bo‘lganda esa belgili holda qo‘lanadi. Masalan: she’r o‘qiyapman – Abdulla Oripov she’rini o‘qiyapman. Film ko‘ryapman – «Kelinlar qo‘zg‘oloni» filmini ko‘ryapman kabi.

Atoqli otlar, olmoshlar, egalik qo‘shimchasini olgan so‘zlar, sifatdosh va harakat nomlari belgili holda qo‘llanadi. Masalan: Alisherni ko‘rdim. Ahmadni chaqiring, daftarimni bering, ukamni yubordim, o‘qishni bitirdim, yozishni o‘rgandim; Eshikdan kelganni it qopmas kabi.

4. Jo‘nalish kelishigi. Bu kelishikning qo‘shimchasi so‘zning qanday tovush bilan tugashiga qarab uch xil ko‘rinishda qo‘shiladi: -ga, -ka, -qa. Agar so‘zning o‘zagi [g], [k] tovushlari bilan tugagan bo‘lsa, -ka qo‘shimchasi, [g‘], [q] tovushlari bilan tugagan bo‘lsa, -qa qo‘shimchasi, qolgan barcha hollarda –ga qo‘shimchasi qo‘shiladi. Kimga? nimaga? qayerga? qachon? so‘roqlariga javob bo‘ladi. Masalan: barg – barkka, eshikka, ellikka, tog‘ – toqqa, boqqa, qishloqqa, tuzoqqa, qarmoqqa, to‘yga, shaharga, ko‘lga, maqsadga, do‘konga kabi. Faqat bu qoida rus tilidan o‘zlashgan geolog, filolog, biolog kabi so‘zlarga tadbiq etilmaydi: geologga, filologga, biologga kabi bo‘ladi. Bu kelishikdagi so‘z gapda vositali to‘ldiruvchi va hol vazifalarini bajaradi. Masalan: Akamga zardo‘zi chopon sotib oldik. Yozda Baxmal tog‘iga dam olgani boramiz. Maktab qurilishi yana yozga qoldirildi.

Og‘zaki nutqda jo‘nalish kelishigining belgisiz qo‘llanish hollari ham uchraydi. Masalan: Yakshanba kuni Urgut bordik. Kelasi hafta Toshkent bormoqchimiz.

5. O‘rin-payt kelishigi. Qo‘shimchasi –da. Kimda? nimada? qayerda? qachon? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Gapda vositali to‘ldiruvchi va  hol vazifalarida keladi. Masalan: Na’matakda S darmondorisi ko‘p. Talabalarda til o‘rganishga qiziqish katta. Samarqandda oltita oliy o‘quv yurti bor. Noyabr oyida paxta yig‘im-terimi tugaydi.

6. Chiqish kelishigi. Qo‘shimchasi –dan. Kimdan? nimadan? qayerdan? qachondan beri? so‘roqlariga javob bo‘ladi. Bu kelishikdagi so‘z ish-harakatning boshlanish o‘rni yoki paytini anglatadi. Gapda vositali to‘ldiruvchi va hol vazifalarini bajaradi. Masalan: O‘qituvchi talabalardan uyga berilgan vazifani birma-bir so‘radi. Paxtadan momiq, qog‘oz, yog‘, plyonka, porox kabi qimmatbaho mahsulotlar olinadi. Sportchilarimiz Sidney olimpiadasidan bittadan oltin, kumush va uchta bronza medal bilan qaytishdi. Telefonimiz nimagadir kechadan beri ishlamayapti.

Otlarning tuzilishiga ko‘ra turlari. O‘zbek tilida otlar tuzilishiga ko‘ra uch xil bo‘ladi. 1. Sodda otlar.   2. Qo‘shma otlar. 3. Juft otlar.

Sodda otlar birgina o‘zakdan tashkil topib, sodda tub va sodda yasama turlarga bo‘linadi. Sodda tub otlar tarkibida yasovchi qo‘shimchalar ishtirok etmaydi: paxta, dala, sholi, uzum, chumchuq, tog‘, xola kabi. Sodda yasama otlar so‘z yasovchi qo‘shimchalar yordamida yasaladi. Quyidagi qo‘shimchalar yordamida ko‘plab yasama otlar hosil qilinadi: -chi, -kor,                -kash, -xon, -do‘z, -gar, -shunos, -soz, -paz, -boz, -xo‘r, -dor,             -furush, -dosh, -lik, -chilik, -garchilik, -zor, -goh, -iston,     -don,     -xona, -ma. Masalan: xizmatchi, paxtakor, mehnatkash, gazetxon, etikdo‘z, zargar, tilshunos, saotsoz, oshpaz, masxaraboz, tekinxo‘r, chorvador, mevafrush, sinfdosh, do‘stlik, sabzavotchilik, loygarchilik, olmazor, sayrgoh, guliston, siyohdon, oshxona, qovurma kabi.

Qo‘shma so‘zlar ikki va undan ortiq so‘zlarning o‘zaro birikuvidan hosil bo‘ladi: gultojixo‘roz, qo‘lqop, ko‘zoynak, toshbaqa, qizilishton, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Past Darg‘om, O‘rta Osiyo, Quyi Chirchiq kabi.

Juft otlar ikki har xil so‘zning o‘zaro teng aloqaga kirishuvidan hosil bo‘ladi, doim chiziqcha bilan yoziladi: opa-uka, do‘st-dushman, ota-ona, kiyim-kechak, bola-chaqa, temir-tersak, idish-tovoq kabi.

SIFAT. SIFATLARNING MA’NO TURLARI. SIFATLARNING TUZILISHIGA KO‘RA TURLARI. SIFAT DARAJALARI. SIFATLARNING SINTAKTIK VAZIFASI.

           

Sifat o‘zbek tilida ham, rus tilida ham shaxs, narsa, voqea-hodisa kabilarning belgisini bildiradi. Rus tilida sifatni boshqa so‘z turkumlaridan farq qildiruvchi qo‘shimchalar mavjud. O‘zbek tilida esa, xuddi boshqa so‘z turkumlari kabi, sifatlarni ajratib turadigan maxsus morfologik ko‘rsatkichlar yo‘q. Qiyoslang:

            Sifatlar                       Otlar

kichik                         kuchuk

            oilali                           shaftoli

            chiroyli                       chumoli

            xavfli                           hovli

            yasama                       qatlama

            sariq                           tariq

            qiziq                            qoziq

            qizil                             hazil   

           

O‘zbek tilida sifatlar ma’nosiga ko‘ra, quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

            1. Fe’l-atvor, xususiyat bildiruvchi sifatlar: yaxshi, yoqimtoy, odobli, chaqqon, sun’iy, tabiiy, ajoyib kabi.

            2. Holat bildiruvchi sifatlar: go‘zal, suluv, soqov, sovuq, tinch, yangi, boy kabi.

            3. Rang-tus bildiruvchi sifatlar: oq, qora, qizil, sariq, ko‘k, malla kabi.

            4. SHakl-ko‘rinish bildiruvchi sifatlar: dumaloq, yassi, qiyshiq, do‘ng kabi.

            5. Hajm-o‘lchov, masofa bildiruvchi sifatlar: keng, tor, uzun, chuqur kabi.

            6. Maza-tam bildiruvchi sifatlar: shirin, nordon, sho‘r, mazali, bemaza kabi.

            7. Hid bildiruvchi sifatlar: xushbo‘y, muattar, ifor, qo‘lansa, sassiq kabi.

            8. Vazn-og‘irlik bildiruvchi sifatlar: og‘ir, yengil, vazmin kabi.

            9. O‘rin va paytga munosabat bildiruvchi sifatlar: kuzgi, kechki, qishgi, yozgi, tashqi, ichki, quyidagi, pastdagi kabi.

            Sifatlar tuzilishiga ko‘ra uch turli bo‘ladi. 1. Sodda sifatlar. 2. Qo‘shma sifatlar. 3. Juft sifatlar.

            Sodda sifatlar birgina o‘zakdan tashkil topib, sodda tub sifatlar va sodda yasama sifatlarga bo‘linadi. Sodda tub sifatlar tarkibida yasovchi qo‘shimchalar ishtirok etmaydi: qiziq, katta, ko‘k, og‘ir, to‘g‘ri, oq kabi. Sodda yasama sifatlar tarkibida tegishli yasovchi qo‘shimchalar mavjud bo‘ladi: vijdonli, ishsiz, tiniq, tinch, sayroqi, oilaviy, ilmiy kabi.

            O‘zbek tilida quyidagi qo‘shimchalar yordamida sodda yasama sifatlar yasaladi: -li, -lik, -siz, -gi (-ki, -qi), -dor,  -kor, -iy, -viy, -ma, -simon, -parvar, ser-, be-, no-, -mas,        -imli, -chan va h. Misollar: chiroyli, aqlli, ko‘ylaklik, qishloqlik, suvsiz, shirasiz, kuzgi, kechki, tashqi, vafodor, sepkildor, gunohkor, ehtiyotkor, aqliy, ijodiy, tarbiyaviy, afsonaviy, qaynatma sho‘rva, qovurma palov, to‘lqinsimon, odamsimon, insonparvar, tinchlikparvar, sersut, serhosil, bemaza, beodob, badavlat, baquvvat, noqulay, noo‘rin, o‘tmas, yengilmas, yoqimli, sevimli, ishchan, uyatchan kabi.

            Qo‘shma sifatlar birdan ortiq so‘zlarning o‘zaro birikuvidan hosil bo‘ladi: jigar rang, ochko‘z, sofdil, hozirjavob, kamgap kabi. Juft sifatlar ikki har xil sifatning o‘zaro teng bog‘lanishi yoki bir sifatning takrorlanishidan hosil bo‘ladi: katta-kichik, oq-qora, yosh-qari, yaxshi-yomon, issiq-sovuq, quyuq-suyuq, katta-katta, baland-baland, oppoq-oppoq kabi.

            O‘zbek tilida sifatlar otdan oldin kelib, u bilan bitishuv usuli orqali bog‘lanadi: qizil qalam, ishchan yigit, aqlli bola kabi. Rus tilida ham sifatlar, asosan, oldin keladi va ot bilan rod, son va kelishikda moslashadi.

            O‘zbek tilida ham sifatning uchta darajasi mavjud.  1. Oddiy daraja. 2. Qiyosiy daraja. 3. Orttirma daraja.

            Oddiy daraja sifatning o‘zagi yoki negiziga teng bo‘ladi: yashil, yumshoq, sariq, yengil, qattiq, qisqa kabi.

            Qiyosiy daraja sifat o‘zagi yoki negiziga –roq qo‘shimchasini qo‘shish bilan  yasaladi hamda bir belgining boshqasiga nisbatan ortiq yoki kamligini bildiradi: qoraroq, uzunroq, qattiqroq, aqlliroq, torroq kabi.

            Orttirma daraja belgining o‘ta yuqori yoki pastligini ifodalaydi: Bu daraja sifatlar oldidan juda, juda ham, g‘oyat, g‘oyatda, nihoyatda, eng, hammadan kabi so‘zlardan birini keltirish orqali hosil qilinadi: juda og‘ir, juda ham qattiq, g‘oyat go‘zal, g‘oyatda bama’ni, nihoyatda uzoq, eng kuchli, hammadan ortiq kabi.

            Bulardan tashqari, o‘zbek tilida sifatlarning ozaytirma va kuchaytirma shakllari ham mavjud. Ozaytirma sifatlar belgining kamligini bildiradi: oq-oqish, qora-qoramtir, sariq-sarg‘ish, qizil-qizg‘ish, yashil-och yashil kabi. Kuchaytirma sifatlar esa belgining ortiqligini ifodalaydi: qora - qop-qora, tim qora; oq - oppoq, ko‘k - ko‘m-ko‘k, tekis - tep-tekis, yumaloq - yum-yumaloq, katta - kap-katta, yolg‘on - g‘irt yolg‘on, ho‘l - jiqqa ho‘l, sariq - sap-sariq kabi.

            Sifatlar gapda, asosan, aniqlovchi vazifasida, ba’zan kesim yoki hol vazifalarida ham keladi. Masalan: Shahrimizda ulkan binolar, go‘zal istirohat bog‘lari, tarixiy yodgorliklari ko‘p. Shahrimizning ko‘chalari juda go‘zal va chiroyli. Hulkar gimnastika mashqlarining barchasini juda yaxshi va chiroyli bajardi.

            Sifatlar otlashganda boshqa bo‘laklar vazifasida ham kela oladi. Sifatning otlashishi – nutqda sifatdan keyin keladigan otning tushib qolishi va ot bajarishi lozim bo‘lgan sintaktik vazifalarning sifatning zimmasiga o‘tishidir. Masalan: Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p. Dunyoda yaxshilar ko‘p.

            Ega: Yaxshilar hamma joyda el hurmatiga sazovor bo‘ladi.

            To‘ldiruvchi: Ilg‘orlarga mukofotlarni topshirish uchun hokimning o‘zi keldi.

            Qaratqichli aniqlovchi: Yaxshining sharofati tegsa, yomonning kasofati tegadi.

            Undalma: Ey yaxshilar, bechoralarga yordam qilishni unutmang.

SON. SANOQ SONLAR. MIQDOR SONLAR. DONA SONLAR. TAQSIM SONLAR. CHAMA SONLAR. JAMLOVCHI SONLAR. KASR SONLAR. TARTIB SONLAR. SONLARNING TUZILISHIGA KO‘RA TURLARI. SONLARNING SINTAKTIK VAZIFASI.

            Barcha tillardagi kabi o‘zbek tilida ham son shaxs, narsa, voqea-hodisalarning son-sanog‘ini, miqdorini, joylashish tartibini bildiradi. Sonlarni ma’nosi va grammatik xususiyatlariga ko‘ra, ikki turga bo‘lish mumkin.  1. Sanoq sonlar. 2. Tartib sonlar.

            Sanoq sonlar ham o‘z navbatida bir necha turga bo‘linadi.

            1. Miqdor sonlar. Ular bir turdagi narsalarning umumiy miqdorini anglatadi, ularning maxsus qo‘shimchasi yo‘q. O‘zbek tilida miqdor sonlar quyidagilar: bir, ikki, uch, to‘rt, besh, olti, yetti, sakkiz, to‘qqiz, o‘n, yigirma, o‘ttiz, qirq, ellik, oltmish, yetmish, sakson, to‘qson, yuz, ming. Bundan katta sonlar million, milliard, trillion kabi baynalmilal sonlardir.

            2. Dona sonlar narsalarning yakkalab, donalab sanaladigan umumiy miqdorini bildiradi. Miqdor sonlarga –ta qo‘shimchasini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi: yuzta qo‘y, mingta daraxt, o‘n mingta daftar kabi.

            Dona sonlar ko‘p hollarda hisob so‘zlar bilan ham qo‘llanadi. Bunday holda –ta qo‘shimchasi o‘rnida hisob so‘z keladi. Quyidagilar nutqda hisob so‘z vazifasini bajarishi mumkin: dona, nafar, bosh, tup, nusxa, juft, bet, pud, metr, so‘m, kilo, daqiqa, soniya, gektar, bog‘ va hokazo.

            3. Taqsim sonlar shaxslar yoki narsalarning taqsimlanish yoxud guruhlanish miqdorini ifodalaydi. Sonning bu turi miqdor sonlarga –tadan qo‘shimchasini qo‘shish orqali yoki bir sonning takror qo‘llanishidan hosil bo‘ladi: ikkitadan, uchtadan, uchta-uchtadan, o‘nta-o‘ntadan kabi.

            4. Chama sonlar shaxslar, narsalarning taxminiy, noaniq miqdorini bildiradi. U miqdor sonlarga –tacha,     -larcha, -lab qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish yoki ikkita sonning o‘zaro teng juftlashib qo‘llanishidan hosil bo‘ladi: o‘ntacha talaba, yuztacha ishchi, mingtacha ko‘chat, minglab qushlar, besh-o‘nta daftar, bir-ikki og‘iz gap kabi.

            5. Jamlovchi sonlar shaxslar, narsalar miqdorini jamlab, umumlashtirib yoki ajratib ko‘rsatadi. Ular miqdor sonlarga –ov,    -ovlon, -ala qo‘shimchalaridan tegishlisini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi: ikkovi, uchovlon, to‘rtalasi, oltovlon, yettoviga kabi.

            6. Kasr sonlar butunning qismini, bo‘lagini ifodalaydi: yarim, chorak, nim chorak, to‘rtdan bir, ikki butun o‘ndan besh kabi.

            Tartib sonlar ham miqdor sonlarga –nchi, -inchi qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish orqali hosil bo‘lib, narsalarning tartibini, joylashish o‘rnini bildiradi: ikkinchi, to‘rtinchi, o‘n birinchi, yetmish sakkizinchi kabi.

            Sonlar tuzilishiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi.1. Sodda sonlar. 2. Murakkab sonlar.

            Sodda sonlar birgina o‘zakdan tashkil topadi: bir, o‘n, yuz, yetmish, to‘qson, ming kabi.

            Murakkab sonlar ikki va undan ortiq sonlar birikuvidan hosil bo‘ladi: o‘n bir, bir yuz o‘ttiz olti, ikki ming ikki yuz to‘qson yetti kabi. 

            O‘zbek tilida son o‘zi birikib kelgan ot bilan bitishuv usuli orqali bog‘lansa, rus tilida ular sifatlar kabi o‘zi birikib kelgan ot bilan rod, son va kelishikda moslashadi. Sonning yana bir muhim xususiyati shundaki, u morfologik yoki sintaktik yo‘l bilan boshqa so‘z turkumlaridan yasalmaydi. Miqdor sonlarga qo‘shimchalar qo‘shish bilan boshqa tur sonlarning hosil bo‘lishi yasalish emas, balki sonning o‘z ichki o‘zgarishlaridir.

            Sonlar ham gapda sifatlar kabi, asosan, aniqlovchi va kesim vazifasini bajaradi.

Aniqlovchi: Men bugun ukamga juda qiziq ikkita kitob sotib oldim.

Kesim: Darslarga doim tayyorlanib keladigan talabaning bahosi besh.

            Sonlar ham otlashganda boshqa bo‘laklar vazifasida kela oladi.

            Ega: Mana shu talabalardan biri har kuni darsga kech qolib keladi.

            To‘ldiruvchi: Birni birovdan minnat bilan olgandan ko‘ra, mingni mehnat qilib topgan yaxshi.

            Hol: Nurmurod betob do‘sti holidan har kuni ikki marta xabar olib turdi.

            Undalma: Birinchi, birinchi, birinchi, men o‘ttiz yettinchiman, qanday eshityapsiz, qabul.

OLMOSH. KISHILIK OLMOSHLARI. O‘ZLIK OLMOSHI. SO‘ROQ OLMOSHLARI. KO‘RSATISH OLMOSHLARI. BELGILASH OLMOSHLARI. BO‘LISHSIZLIK OLMOSHLARI. GUMON OLMOSHLARI. OLMOSHLARNING TUZILISHIGA KO‘RA TURLARI. OLMOSHLARNING SINTAKTIK VAZIFASI.

            Olmosh ham mustaqil so‘zlar turkumiga mansub bo‘lib, nutqda ot, sifat, son so‘z turkumlari o‘rnida qo‘llanadi. Olmosh shaxs, narsa, belgi va miqdorni ko‘rsatish uchun xizmat qiladi. Olmoshlar ham xuddi sonlar kabi boshqa so‘z turkumlaridan morfologik yoki sintaktik yo‘l bilan yasalmaydi. Biroq son va olmosh turkumiga mansub so‘zlar boshqa so‘z turkumlarini  yasash uchun asos bo‘lishi mumkin: birlik, ikkilanmoq, biryo‘la, sensiramoq, sizlamoq, manmanlik, allaqachon kabi. Olmoshlar ma’no va grammatik xususiyatlariga ko‘ra yetti guruhga bo‘linadi.        

Kishilik olmoshlari. Bu turdagi olmoshlarga quyidagilar kiradi:

               Birlik sonda                          Ko‘plik sonda

            I sh. men                                             I sh. biz

            II sh. sen                                             II sh. siz

            III sh. u                                               III sh. ular

     O‘zbek tilida I shaxs birlik sondagi kishilik olmoshi ko‘plik sondagi I shaxs kishilik olmoshi bilan almashinib ham qo‘llanadi. Masalan: Kitoblarni men keltiraman. Kitoblarni biz keltiramiz. Ushbu gaplarning har ikkalasida ham ishni bajaruvchi birlik sondagi birinchi shaxsdir. SHuningdek, II shaxs birlikdagi kishilik olmoshi o‘rnida II shaxs ko‘plik sondagi kishilik olmoshi qo‘llanib, ko‘plikni emas, balki hurmat ma’nosini anglatadi. Masalan: Uyga sen birinchi kir. Uyga siz birinchi kiring. Har ikkila holatda ham bir kishi nazarda tutilyapti. Odatda ko‘plik ma’nosi –lar qo‘shimchasi qo‘shilganda anglashiladi: Sizlar tezroq boraveringizlar, orqalaringizdan yetib boramiz. Bugun qabul tugadi, sizlarni boshqa kuni yana chaqiramiz.

            Kishilik olmoshi kelishiklar bilan quyidagicha turlanadi:

1.                       Bosh kelishik: men, sen, u, biz, siz, ular

2.                       Qaratqich kelishigi: mening, sening, uning, bizning, sizning, ularning.

3.                       Tushum kelishigi: meni, seni, uni, bizni, sizni, ularni.

4.                       Jo‘nalish kelishigi: menga, senga, unga, bizga, sizga, ularga.

5.                       O‘rin-payt kelishigi: menda, senda, unda, bizda, sizda, ularda.

6.                       Chiqish kelishigi: mendan, sendan, undan, bizdan, sizdan, ulardan.

Men va sen kishilik olmoshlari qaratqich va tushum kelishiklarining qo‘shimchalarini olganda, ular tarkibidagi bir [n] tovushi tushib qoladi: men-ning, sen-ni shaklida emas, me-ning, se-ning shaklida bo‘ladi. Xuddi shuningdek, u kishilik olmoshi jo‘nalish, o‘rin-payt va chiqish kelishiklarining qo‘shimchasini olganda, tarkibida bir [n] tovushi orttiriladi: u-ga, u-da, u-dan shaklida emas, balki un-ga, un-da, un-dan kabi.

Rus tilida kishilik olmoshlari kelishiklar bilan turlanganda, ularning boshlang‘ich shakllari butunlay o‘zgarib ketadi. O‘zbek tilida esa, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, o‘z asl shaklini saqlab qoladi.

Men kishilik olmoshi o‘rnida mumtoz adabiyotda kamina, faqir, qo‘lingiz, banda kabi so‘zlar ham qo‘llanib kelingan.

O‘zbek tilida sen kishilik olmoshiga –lar ko‘plik qo‘shimchasi qo‘shilgan holda qo‘llanishi ham uchraydi. Bunda mensimaslik, kamsitish, istehzo, ta’na kabi ma’nolar burtib turadi. Masalan: Senlar bu yerda nima qilyapsanlar? Men senlarga aytyapman. Senlarni deb shuncha g‘alvaga qoldim.

Ko‘plik sondagi birinchi shaxs biz kishilik olmoshi ham nutqda –lar ko‘plik qo‘shimchasi bilan qo‘llanishi mumkin. Bunda ko‘plik ma’nosi yanada kuchaytiriladi. Masalan: Bu ishni biz bajaramiz. Gapdan anglashilayotgan ish-harakatni bir kishi yoki ko‘pchilik bo‘lib bajarish mumkin. Bu gap bilan qiyoslang: Bu ishni bizlar bajardik. Ish-harakat bir kishi tomonidan bajarilmagan, ko‘pchilik tomonidan bajarilgan.

O‘zlik olmoshi. O‘zbek tilida o‘zlik olmoshi o‘z so‘zidangina iborat. Rus tilida esa bu vazifani egalik olmoshlari bajaradi. O‘z olmoshi otlar bilan birikib kelganda rus tilidagi svoy olmoshiga, egalik qo‘shimchasi bilan kelganda sam belgilash olmoshiga to‘g‘ri keladi: o‘zimning uyim, o‘zingning fikring, o‘zim, o‘zing kabi. O‘zlik olmoshi avval egalik, keyin kelishik qo‘shimchalarini olib turlanadi:

            Birlik sonda                           Ko‘plik sonda                        I sh. o‘zim                                           I sh. o‘zimiz

II sh. o‘zing                                        II sh. o‘zingiz  

III sh. o‘zi                                           III sh. o‘zlari

Kelishiklar

Bosh kelishik:           o‘zim

Qaratqich kelishigi:  o‘zimning

Tushum kelishigi:     o‘zimni

Jo‘nalishi kelishigi:  o‘zimga

O‘rin-payt kelishigi: o‘zimda

Ciqish kelishigi:     o‘zimdan

Egalik qo‘shimchalarini olgan o‘zlik olmoshi uchala shaxsdagi kishilik olmoshlariga sinonim bo‘ladi: men – o‘zim, sen – o‘zing, u – o‘zi, biz – o‘zimiz, siz – o‘zingiz, ular – o‘zlari kabi. Bu xatni men yozdim. Bu xatni o‘zim yozdim.

So‘roq olmoshlari shaxs, narsa, belgi, vaqt, miqdor va hokazolar to‘g‘risidagi so‘roq ma’nosini bildiradigan so‘zlardir. Bu tur olmoshlarga quyidagi so‘zlar kiradi: kim? nima? qanday? qanaqa? qaysi? necha? nechta? qancha? qachon? nega? nimaga? qani? nechanchi? kimniki? kabi.

O‘zbek tilida aksariyat so‘roq olmoshlari ko‘plikda ham qo‘llana oladi: kimlar? nimalar? qaysilari? nechtalar? qanchalar? nechalar? qachonlar? kabi.

So‘roq olmoshlari ham egalik va kelishik qo‘shimchalarini olib turlanadi:

 Birlik va ko‘plik sonda                    Kelishiklar

I sh.      kimim                      Bosh kelishik:           kimim

II sh.    kiming                      Qaratqich kelishigi:  kimimning

III sh.   kimi                          Tushum kelishigi:    kimimni

I sh.     kimimiz                     Jo‘nalish kelishigi:   kimimga

II sh.   kimingiz                     O‘rin-payt kelishigi: kimimda

III sh. kimlari                        Chiqish kelishigi:    kimimdan

Ko‘rsatish olmoshlari shaxs, narsa yoki belgini ko‘rsatish uchun xizmat qiladi: u, bu, shu, o‘sha, ushbu, mana, ana, mana, shu, man bu, ana u, bunday, shunday, shunaqa, shuncha kabi. Mumtoz adabiyotda ko‘rsatish olmoshlari ul, bul, shul, o‘shal kabi ko‘rinishlarda qo‘llangan.

Ko‘rsatish olmoshlari ko‘plik, egalik va kelishik qo‘shimchalarini olib turlanadi: bularingizni, mana shulardan, ana unisini, shunisiga kabi.  Odatda, ko‘rsatish olmoshi bilan bog‘langan so‘z ko‘plik, egalik va kelishik qo‘shimchalarini olib turlangan bo‘ladi, olmosh esa o‘zgarishsiz qoladi: bu kitobimga, shu ishlaringizdan, o‘sha odatini, shu bog‘imizning kabi.

Belgilash olmoshlari shaxslar, narsalarning to‘dasini, jamini, yig‘indisini bildiradi yoki ularni ajratib, ta’kidlab ko‘rsatish uchun xizmat qiladi. Ularga quyidagilar kiradi: hamma, bari, jami, barcha, butun, yalpi. SHuningdek, belgilash olmoshlari har so‘zi bilan bir, narsa hamda so‘roq olmoshlarining birikuvidan hosil bo‘ladi: har bir, har narsa, har kim, har nima, har qanday, har qaysi, har qancha, har qachon kabi.

Belgilash olmoshlari ham egalik va kelishik qo‘shimchalarini qabul qiladi (bundan faqat birlik sonning I shaxsi mustasno).

Birlik va ko‘plik sonda                         Kelishiklar

I sh.                 -                                  Bosh k.          hammang

II sh. hammang,     har biring                        Qaratqich k.  hammangning

III sh. hammasi     har biri                  Tushum k.     hammangni

I sh. hammamiz,   har birimiz             Jo‘nalish k.    hammangga

II sh. hammangiz, har biringiz           O‘rin-payt k.  hammangda

III sh. hammalari, har birlari             Chiqish k.      hammangdan

            O‘zbek tilida belgilash olmoshlari otlar bilan bog‘langanda, o‘z shaklini o‘zgartirmaydi: har bir gul, har qanday bola, barcha maktablar, yalpi hosil kabi. Rus tilida esa ular o‘zi birikib kelgan otga tobe bo‘lib, o‘sha ot bilan rod, son va kelishikda moslashadi.

            Bo‘lishsizlik olmoshlari mavjud bo‘lmagan shaxs, narsa, belgi yoki miqdorni ko‘rsatish uchun qo‘llanadi. Bo‘lishsizlik olmoshlari bir, narsa hamda so‘roq olmoshlariga hech so‘zini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi. Ularga quyidagi so‘zlar kiradi:  hech bir, hech narsa, hech kim, hech nima, hech qanday, hech qaysi, hech qanaqa, hech qachon, hech qayer. Bo‘lishsizlik olmoshlari ham egalik va kelishik qo‘shimchalarini olib turlanadi.

  Birlik va ko‘plik sonda                   Kelishiklar

     I sh. hech kimim                Bosh kelishik: hech kim

     II sh. hech kiming              Qaratqich kelishigi: hech kimning

     III sh. hech kimi                 Tushum kelishigi: hech kimni

     I sh. hech kimimiz              Jo‘nalish kelishigi: hech kimga

     II sh. hech kimingiz            O‘rin-payt kelishigi: hech kimda

     III sh. hech kimlari             Chiqish kelishigi: hech kimdan

            Gumon olmoshlari o‘zi mavjud bo‘lgan, ammo noma’lum shaxs, narsa, belgi yoki miqdorni ko‘rsatish uchun xizmat qiladi. Gumon olmoshlari, asosan, so‘roq olmoshlariga –dir yoki alla- qo‘shimchalaridan birini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi: kimdir, allanima, nechtadir, allaqancha, qaysidir, allaqanday, allaqachon, qachondir, qayeridir kabi. –dir va alla- qo‘shimchalari vazifasiga ko‘ra bir xildek ko‘rinsa-da, ba’zan bir so‘zga qo‘shilganda turli ma’no ifodalashi mumkin: allaqachon, qachondir kabi. SHuningdek, bir narsa, bir nima, allanarsa, biror, biron, birov, ba’zilar, biror kimsa, qaysi bir, bir necha, bir qancha kabilar ham gumon olmoshlari hisoblanadi. Gumon olmoshlari ham egalik va kelishik qo‘shimchalarini olib o‘zgaradi. Faqat –dir qo‘shimali gumon olmoshlarining turlanishi boshqa olmoshlarning turlanishidan bir oz farq qiladi.

   Birlik va ko‘plik sonda              Kelishiklar

     I sh. kimimdir                     Bosh kelishik: kimdir

     II sh. kimingdir                  Qaratqich kelishigi: kimningdir

     III sh. kimidir                     Tushum kelishigi: kimnidir

     I sh. kimimizdir                  Jo‘nalish kelishigi: kimgadir

     II sh. kimingizdir                O‘rin-payt kelishigi: kimdadir

     III sh. kimlaridir                 Chiqish kelishigi: kimdandir

            Olmoshlar tuzilishiga ko‘ra uch turli bo‘ladi. 1. Sodda olmoshlar. 2. Murakkab olmoshlar. 3. Juft olmoshlar.

            Sodda olmoshlar birgina o‘zakdan tashkil topgan bo‘ladi: men, sen, u, kim? nima? shu, o‘sha kabi.

            Murakkab olmoshlar ikki va undan ortiq tarkibli bo‘ladi: har kim, hech nima, har qaysi, ana o‘sha, mana bu, bir kimsa kabi.

            Juft olmoshlar ikki olmoshning o‘zaro teng aloqaga kirishuvidan hosil bo‘ladi: siz-biz, sen-men, u-bu kabi.

            Olmoshlar gapda ot, sifat va son so‘z turkumlariga xos sintaktik vazifalarni bajaradi.

            Ega: Men bu yilgi barcha sinov va imtihonlarni faqat «a’lo» baholarga topshirdim.

            Kesim: Bu ishlarning bajarilishi uchun javobgar shaxs – sen.

            Aniqlovchi: Sening qilmishlaring uchun yaqinlaring uyalmasliklari lozim.

            To‘ldiruvchi: Hammadan gumonsiraydigan odamning o‘ziga ishonib bo‘lmaydi.

            Hol: Bu mashq bunday bajarilmaydi, shuni ham bilmadingmi?

FE’L. FE’L ZAMONLARI. O‘TGAN ZAMON FE’LI. HOZIRGI ZAMON FE’LI. KELASI ZAMON FE’LI. FE’L MAYLLARI. FE’L NISBATLARI. FE’LNING XOSLANGAN SHAKLLARI. FE’LLARNING YASALISHI. FE’LLARNING SINTAKTIK VAZIFASI.

            Harakat va holat ma’nosini bildiradigan mustaqil so‘z turkumiga fe’l deb ataladi. O‘zbek tilida fe’l rus tilidagi kabi tugallangan yoki tugallanmagan turlarga bo‘linmaydi.

            O‘zbek tilida fe’l o‘zagi yoki negiziga –moq harakat nomi qo‘shimchasini  qo‘shish bilan uning noaniq shakli hosil qilinadi: surmoq, haydamoq, qo‘zg‘amoq, tishlamoq, so‘zlamoq, tunamoq kabi.

            Fe’lning tub yoki yasama shaklidan zamon, mayl, nisbat, shaxs-son va boshqa shakllar hosil qilinadi. Fe’lning mayl, zamon va shaxs-son shakllarini olib o‘zgarishi tuslanish deyiladi. Fe’llar ish-harakatning bajarilishi yoki bajarilmasligini ifodalashga ko‘ra ikki turga bo‘linadi. 1. Bo‘lishli fe’llar. Bunday fe’llar ish-harakatning uchala zamondan birida bajarilishini, tasdig‘ini bildiradi: keldi, olyapti, ko‘rmoqchiman, yugurding, to‘qiysiz kabi. 2. Bo‘lishsiz fe’llar esa ish-harakatning uchala zamondan birida bajarilmasligini, inkorini bildiradi: uchmadi, sezmayapti, olmoqchi emas kabi. U o‘zbek tilida bo‘lishsizlik ma’nosi –ma, -mas qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish orqali, emas to‘liqsiz fe’li, yo‘q va na yordamchilari vositasida hosil bo‘ladi: yurma, tortmayman, o‘zgarmassan, qo‘rqmas, burmoqchi emas, shoshgan emasmiz, na o‘qiydi, na yozadi kabi.

            Fe’l nutq jarayonida so‘zlovchi, tinglovchini hamda suhbatda ishtirok etmayotgan shaxsning harakatini ham ifodalashi mumkin. O‘zbek tilida shaxslarning harakat va holatini birlik hamda ko‘plik sonda ifodalovchi tegishli tuslovchi qo‘shimchalar mavjud. Bu quyidagilar:

            Birlik sonda               Ko‘plik sonda

I sh. fe’l + zamon + man, + m          fe’l + zamon + miz, + k

II sh. fe’l + zamon + san, + ng          fe’l + zamon + siz, + ngiz

III sh. fe’l + zamon + ti, -                 fe’l + zamon + ti, + lar

            O‘zbek tilida ham fe’lning uch zamoni mavjud. 1. O‘tgan zamon. 2. Hozirgi zamon. 3. Kelasi zamon. O‘zbek tilidagi fe’l zamonlari bir necha shakllarga egaligi bilan rus tilidan farq qiladi.

            O‘tgan zamon fe’li va uning shakllari. O‘tgan zamon fe’li ish-harakatning nutq so‘zlanib turgan paytdan oldin bajarilgan yoki bajarilmaganligini ifodalaydi. O‘zbek tilida o‘tgan zamon fe’li hozirgi va kelasi zamon fe’llariga nisbatan ko‘proq shakllarga ega.

            Aniq o‘tgan zamon shakli fe’l o‘zagi yoki negiziga –di zamon va shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi. Uning tuslanishi quyidagicha:

                                   Tasdiq shakli

           Birlik sonda                           Ko‘plik sonda

            I sh. ko‘r-di-m                        ko‘r-di-k

            II sh. ko‘r-di-ng                      ko‘r-di-ngiz

            III sh. ko‘r-di -                                   ko‘r-di-lar

                                   Inkor shakli

               Birlik sonda                   Ko‘plik sonda

            I sh. ko‘r-ma-di-m                  ko‘r-ma-di-k

            II sh. ko‘r-ma-di-ng                ko‘r-ma-di-ngiz

            III sh. ko‘r-ma-di                    ko‘r-ma-di-lar

So‘roq shakli

Birlik sonda

             Tasdiq shakli                              Inkor shakli

            I sh. ko‘r-di-m-mi?                 ko‘r-ma-di-m-mi?

            II sh. ko‘r-di-ng-mi?               ko‘r-ma-di-ng-mi?

            III sh. ko‘r-di-mi?                   ko‘r-ma-di-mi?

                                   Ko‘plik sonda

              Tasdiq shakli                               Inkor shakli

            I sh. ko‘r-di-k-mi?                  ko‘r-ma-di-k-mi?

            II sh. ko‘r-di-ngiz-mi?            ko‘r-ma-di-ngizmi?

            III sh. ko‘r-di-lar-mi?            ko‘r-ma-di-lar-mi?

           

Aniq o‘tgan zamon shakli ish-harakat so‘zlovchining ko‘z oldida yoki uning ishtirokida bajarilganini anglatadi. Masalan: Men bu yil «Chimyon» sanatoriyasida dam oldim.      U hozirgina poyezddan tushdi.

            Yaqin o‘tgan zamon shakli. O‘tgan zamon fe’lining bu shakli fe’l o‘zagi yoki negiziga –gan hamda shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi va nutq so‘zlanib turgan paytdan ancha ilgari sodir bo‘lgan yoki sodir bo‘lmagan ish-harakatni ifodalaydi.

                                   Tasdiq shakli

               Birlik sonda                Ko‘plik sonda

            I sh. ko‘r-gan-man                 ko‘r-gan-miz

            II sh. ko‘r-gan-san                  ko‘r-gan-siz

            III sh. ko‘r-gan -                     ko‘r-gan-lar

                                   Inkor shakli

                            Birlik sonda

I sh. ko‘r-ma-gan-man,                      ko‘r-gan-im yo‘q

II sh. ko‘r-ma-gan-san,          ko‘r-gan-ing yo‘q

III sh. ko‘r-ma-gan,                ko‘r-gan-i yo‘q

             

ko‘r-gan emas-man

                       ko‘r-gan emas-san

                       ko‘r-gan emas -

                       Ko‘plik sonda

I sh. ko‘r-ma-gan-miz,           ko‘r-gan-imiz yo‘q

II sh. ko‘r-ma-gan-siz,                       ko‘r-gan-ingiz yo‘q

III sh. ko‘r-ma-gan-lar,          ko‘r-gan-lari yo‘q

                       ko‘r-gan emas-miz

                       ko‘r-gan emas-siz

                       ko‘r-gan emas-lar

So‘roq shakli

              Birlik sonda                  Ko‘plik sonda

            I sh. ko‘r-gan-man-mi?          ko‘r-gan-miz-mi?

            II sh. ko‘r-gan-san-mi?          ko‘r-gan-siz-mi?

                  ko‘r-gan-mi-san?             ko‘r-gan-mi-siz?

III sh. ko‘r-gan-mi?                ko‘r-gan-lar-mi?

Misol: Biz bu filmni ikki marta ko‘rganmiz.  U biznikiga biror marta ham kelgan emas. Sen bu kitobni o‘qiganmisan?

-gan qo‘shimchasi so‘zning o‘zagi [k] yoki [q] tovushi bilan tugashiga qarab, -kan, -qan tarzida qo‘shilishi mumkin.Masalan: Men ikkita chiroyli tuvakka gul ekkanman. Nega devorlarga mix qoqqansiz? Yozda ko‘lda cho‘milib, oftobda qorayib chiniqqanmiz. Hovlining pasti ancha cho‘kkan.

            Uzoq o‘tgan zamon shakli o‘zak yoki negizga –gan edi  hamda shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish orqali hosil bo‘lib, yaqin o‘tgan zamon shaklini ifodalagan vaqtdan ham ancha ilgari bajarilgan yoxud bajarilmagan ish-harakatni anglatadi. Qiyoslang: Men bu kitobni o‘qidim. Men bu kitobni o‘qiganman. Men bu kitobni o‘qigan edim. Birinchi gapdagi ish-harakat yaqin kunlar ichida bajarilgan. Ikkinchi gapdagi ish-harakat esa bir oy yoki undan ko‘proq vaqt ilgari bajarilgan. Uchinchi gapdagi ish-harakat bir yoki bir necha yil oldin bajarilgan bo‘lishi ham mumkin.

                        Tasdiq va so‘roq shakli

    Birlik sonda                 Ko‘plik sonda

I sh. yodla-gan edi-m-mi?      yodla-gan edi-k-mi?              

II sh. yodla-gan edi-ng-mi?    yodla-gan edi-ngiz-mi?

III sh. yodla-gan edi-mi?        yodla-gan edi-lar-mi?

                                   Inkor shakli

                       Birlik sonda

I sh. yodla-ma-gan edim, yodlaganim yo‘q edi, yodlagan emas edim

II sh.yodla-ma-gan eding,yodlaganing yo‘q edi,yodlagan emas eding

III sh.yodla-ma-gan edi, yodlagani yo‘q edi, yodlagan emas edilar

                                  

Ko‘plik sonda

I sh. yodla-ma-gan edik, yodlaganimiz yo‘q edi, yodlagan emas

                                                               edik

II sh. yodla-ma-gan edingiz, yodlaganingiz yo‘q edi, yodlagan emas edingiz

III sh. yodla-ma-gan edilar, yodlagani yo‘q edi, yodlagan emas

                                                               edilar

            O‘tgan zamon davom fe’li so‘z o‘zagi yoki negiziga –r,   -ar, -yotgan, -moqda qo‘shimchalaridan so‘ng edi to‘liqsiz fe’lini keltirish hamda shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi. O‘tgan zamon fe’lining bu shakli ish-harakatning davomli bo‘lganligini, muntazam takrorlanib turganligini anglatadi. Misol: Men bolaligimda ko‘p kitob o‘qir edim. Sen hovlida kitob o‘qimoqda eding. U turnikda mashq bajarayotgan edi.

                                   Tasdiq shakli

                        Birlik sonda                

I sh. o‘qi-r (-moqda, -yotgan) edim

            II sh. o‘qi-r (-moqda, -yotgan) eding

            III sh. o‘qi-r (-moqda, -yotgan) edi

                        Ko‘plik sonda

            I sh. o‘qi-r (-moqda, -yotgan) edik

            II sh. o‘qi-r (-moqda, -yotgan) edingiz

            III sh. o‘qi-r (-moqda, yotgan) edilar

            -r, -ar, edi ko‘rinishli fe’llarning inkor shakli bu qo‘shimchalar o‘rniga –mas inkor qo‘shimchasi va shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi. –yotgan qo‘shimchasi oldidan esa –ma inkor qo‘shimchasi keltirilishi bilan inkor shakli hosil qilinadi. –moqda qo‘shimchali fe’llar bilan inkor shakli hosil qilinmaydi. Masalan: ko‘rar edim – ko‘rmas edim, aytar edik – aytmas edik, borayotgan edik – bormayotgan edik, olayotgan edingiz – olmayotgan edingiz kabi.

            O‘tgan zamon maqsad fe’li so‘z o‘zagi yoki negiziga      –moqchi qo‘shimchasi hamda edi to‘liqsiz fe’li va tegishli shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish bilan hosil qilinadi. Bunda o‘tgan zamonda ish-harakatni bajarish maqsad qilib qo‘yilganligi, rejalashtirilganligi ma’nosi anglashiladi.                

Tasdiq va so‘roq shakli

            Birlik sonda                                    Ko‘plik sonda

I sh. o‘qi-moqchi edi-m-mi?               o‘qi-moqchi edi-k-mi?

II sh. o‘qi-moqchi edi-ng-mi?             o‘qi-moqchi edi-ngiz-mi?

III sh. o‘qi-moqchi edi-mi?                 o‘qi-moqchi edi-lar-mi?

                                   Inkor shakli

            Birlik sonda                                 Ko‘plik sonda

I sh. qurmoqchi emas edim                qurmoqchi emas edik

II sh. qurmoqchi emas eding              qurmoqchi emas edingiz

III sh. qurmoqchi emas edi                 qurmoqchi emas edilar

            Hozirgi zamon fe’li va uning shakllari. Hozirgi zamon fe’li ish-harakatning nutq so‘zlanib turgan paytda bajarilayotgan yoki bajarilmayotganligini ifodalaydi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida hozirgi zamon fe’lining ikki shakli mavjud. 1. Hozirgi zamon davom shakli. 2. Hozirgi-kelasi zamon shakli.

            Hozirgi zamon davom shakli quyidagi qo‘shimchalardan birini fe’l o‘zagi yoki negiziga qo‘shib, shaxs-son qo‘shimchalari bilan tuslash orqali hosil qilinadi: -yap,       -moqda, -yotib, -yotir. YUrmoq, turmoq, o‘tirmoq va yotmoq fe’llari o‘zagiga –ib hamda shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish orqali ham  hozirgi zamon davom shakli hosil qilinadi: men yuribman, sen turibsan, u o‘tiribdi, siz yotibsiz kabi. Biroq bu fe’llar bilan shu zamonning inkor shaklini hosil qilib bo‘lmaydi.                     

Tasdiq shakli

            Birlik sonda

I sh. o‘qi-yap (-moqda, -yotib, yotir) –man

II sh. o‘qi-yap (-moqda, -yotib, -yotir) –man

III sh. o‘qi-yapti (-moqda, yotibdi, -yotir)

            Ko‘plik sonda

I sh. o‘qi-yap (-moqda, -yotib, -yotir) –miz

II sh. o‘qi-yap (-moqda, -yotib, -yotir) –siz

III sh. o‘qi-yapti (-moqda, -yotib, -yotir) –lar

                                   Inkor va so‘roq shakli

            Birlik sonda                    Ko‘plik sonda

I sh. o‘qi-ma-yap-man-mi?                o‘qi-ma-yap-miz-mi?

II sh. o‘qi-ma-yap-san-mi?                 o‘qi-ma-yap-siz-mi?

III sh. o‘qi-ma-yap-ti-mi?                   o‘qi-ma-yap-ti-lar-mi?

 

            -yotib, -yotir qo‘shimchalari unli tovush bilan tugagan so‘zlarga shu ko‘rinishicha, undosh tovush bilan tugagan fe’llarga –ayotib, -ayotir shaklida qo‘shiladi va shundan so‘ng shaxs-son qo‘shimchalari qo‘shilib tuslanadi.

            -moqda qo‘shimchasi ishtirokida inkor shakli umuman hosil qilinmaydi, so‘roq shakli ham kamdan-kam hollarda qo‘llanadi.

            Hozirgi-kelasi zamon shakli undosh tovush bilan tugagan fe’lga –a, unli tovush bilan tugagan fe’lga –y qo‘shimchasini qo‘shish hamda tegishli shaxs-son qo‘shimchalari bilan tuslash orqali hosil bo‘ladi.                              

Tasdiq shakli

            Birlik sonda                 Ko‘plik sonda

I sh.   bor-a-man, yasha-y-man          bor-a-miz, yasha-y-miz

II sh.  bor-a-san, yasha-y-san            bor-a-siz, yasha-y-siz

III sh. bor-a-di, yasha-y-di                 bor-a-dilar, yasha-y-dilar

                                   Inkor va so‘roq shakli

I sh. bor-may-man-mi?                      bor-may-miz-mi?

II sh. bor-may-san-mi?                       bor-may-siz-mi?

III sh. bor-may-di-mi?                                    bor-may-dilar-mi?

           

Hozirgi-kelasi zamon fe’li ish-harakatning nutq so‘zlanib turgan paytgacha, so‘z va undan so‘ng ham amalga oshishini yoki ish-harakatning doimiy yuz berishini ifodalaydi. Masalan:              1. So‘zlaringdan o‘zimda yo‘q quvonaman (Tinglovchi so‘zlovchining gaplarini eshitish jarayonida quvonyapti). 2. Bugun kitobingizni olib boraman (Ish-harakat nutq so‘zlanib bo‘lganidan so‘ng amalga oshiriladi). 3. Biz Samarqand shahrida yashaymiz. Oy Yer atrofida aylanadi (Biz nutq so‘zlanguncha ham ko‘rsatilgan shaharda yashaganmiz, nutq so‘zlanayotgan paytda ham yashayapmiz, nutq jarayonidan so‘ng ham yashashimiz nazarda tutilyapti. Oyning Yer atrofida aylanishi ham xuddi shu taxlit davom etyapti).

            Kelasi zamon fe’li va uning shakllari. Kelasi zamon fe’li ish-harakatning nutq so‘zlanib turgan paytdan so‘ng yuzaga chiqish yoki chiqmasligini anglatadi.

            O‘zbek tilida kelasi zamon fe’lining ikkita shakli mavjud: 1. Kelasi zamon maqsad shakli. 2. Kelasi zamon gumon shakli.

            Kelasi zamon maqsad shakli fe’l o‘zagi yoki negiziga        –moqchi hamda shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi.                             

Tasdiq shakli

               Birlik sonda                Ko‘plik sonda

            I sh. ol-moqchi-man               ol-moqchi-miz

            II sh. ol-moqchi-san                ol-moqchi-siz

            III sh. ol-moqchi -                   ol-moqchi-lar

                                   Inkor shakli

               Birlik sonda                 Ko‘plik sonda

            I sh. ko‘r-moqchi emas-man  ko‘r-moqchi emas-miz

            II sh. ko‘r-moq emas-san       ko‘r-moqchi emas-siz

            III sh. ko‘r-moqchi emas        ko‘r-moqchi emas-lar

So‘roq shakli

               Birlik sonda                  Ko‘plik sonda

            I sh. sot-moqchi-man-mi?      sot-moqchi-miz-mi?

            II sh. sot-moqchi-san-mi?       sot-moqchi-siz-mi?

                  sot-moqchi-mi-san?         sot-moqchi-mi-siz?

            III sh. sot-moqchi-mi?                       sot-moqchi-lar-mi?

           

Kelasi zamon maqsad fe’li ish-harakatning maqsad, niyat qilinganligi, rejalashtirib qo‘yilganligini anglatadi. Masalan: Men kelgusi yil 20 gektar yerga sholi ekmoqchiman. Sen bu gullarni Charosga sovg‘a qilmoqchimisan? Shuhrat o‘rtog‘inikiga mehmonga bormoqchi. Badia yangi yilni Toshkentda Shamsiya bilan kutib olmoqchi.

            Kelasi zamon gumon shakli fe’l o‘zagi yoki negiziga   -r,  -ar qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish va ulardan so‘ng shaxs-son qo‘shimchalarini keltirish orqali yasaladi. Inkor shakli –mas qo‘shimchasi orqali hosil bo‘ladi. Fe’lning bu shakli kelgusida amalga oshishi yoki amalga oshmasligi gumon, noaniq bo‘lgan ish-harakatni anglatadi.

                                   Tasdiq shakli

            Birlik sonda                     Ko‘plik sonda

I sh. ko‘r-ar-man, o‘qi-r-man            ko‘r-ar-miz, o‘qi-r-miz

II sh. ko‘r-ar-san, o‘qi-r-san              ko‘r-ar-siz, o‘qi-r-siz

III sh. ko‘r-ar, o‘qi-r                          ko‘r-ar-lar, o‘qi-r-lar

                                   Inkor shakli

            Birlik sonda                       Ko‘plik sonda

I sh. ko‘r-mas-man, o‘qi-mas-man    ko‘r-mas-miz, o‘qi-mas-miz

II sh. ko‘r-mas-san, o‘qi-mas-san      ko‘r-mas-siz, o‘qi-mas-siz

III sh. ko‘r-mas, o‘qi-mas                  ko‘r-mas-lar, o‘qi-mas-lar

           

            So‘roq shakli tasdiq yoki inkor ko‘rinishda tuslangan fe’lga –mi yuklamasini qo‘shish orqali hosil qilinadi: ko‘rarmanmi? ko‘rarmi? kabi.

            Fe’l mayllari. Ish-harakatning voqelikka munosabati mayl deyiladi. Voqelik – muayyan ish-harakatning ma’lum zamon va makonda shaxs tomonidan amalga oshirilishidir. O‘zbek tilida fe’lning uch mayli farqlanadi. 1. Aniqlik yoki ijro mayli.                2. Buyruq-istak mayli. 3. Shart mayli.

            Aniqlik maylining maxsus morfologik ko‘rsatkichi yo‘q. Aniqlik maylidagi fe’l ish-harakatning uchala zamondan birida yuz berayotganligi yoki bajarilayotganligidan xabar beradi. Masalan: Bugun ertalab kuchli yomg‘ir yog‘di. Javohir o‘rtoqlari bilan kutubxonada dars tayyorlayapti. Shahzod zamonaviy fotoapparat sotib olmoqchi. Sardor bu musobaqada ishtirok etmoqchi emas.

            Buyruq-istak maylidagi fe’llar buyruq, istak, maslahat, iltimos kabi ma’nolarni anglatadi. Bu mayldagi fe’lning I shaxsi istak, iltimos ma’nolarini, II shaxsi sof buyruq, iltimos ma’nolarini, III shaxsi esa maslahat, iltimos ma’nolarini bildiradi.

                                   Birlik sonda                            

I sh. men yoz-ay (in), o‘qi-y (in)        

II sh. sen yoz (gin), o‘qi (gin)

            III sh. u yoz-sin, o‘qi-sin

                                   Ko‘plik sonda

            I sh. biz yoz-aylik, o‘qi-ylik

            II sh. siz yoz-ing (izlar), o‘qing (gizlar)

            III sh. ular yoz-sin (lar), o‘qi-sin (lar)

            Shart maylidagi fe’llar boshqa biror ish-harakatning amalga oshishi uchun undan oldin bajarilishi shart bo‘lgan ish-harakat ma’nosini anglatadi. Shart mayli fe’l o‘zagi yoki negiziga –sa qo‘shimchasini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi va undan so‘ng shaxs-son qo‘shimchalari qo‘shiladi: borsam, borsang, borsa, borsak, borsangiz, borsalar kabi.

            O‘zbek tilidagi shart maylining ma’nosi rus tilida yesli yoki kogda so‘zlarining kelasi zamon shaklidagi fe’l bilan birikib kelishi orqali beriladi. Qiyoslab ko‘ring: Ertaga havo ochiq bo‘lsa, biz toqqa chiqamiz. Yozgi ta’til boshlansa, biz oilamiz bilan dam olishga ketamiz.

            Fe’l nisbatlari ish-harakatning bajaruvchisi (subyekti) bilan bajariluvchisi (obyekti) o‘rtasidagi munosabatni ifodalaydi. Ish-harakatning ob’ektga bo‘lgan munosabatiga qarab fe’llar ikki turga bo‘linadi. 1. O‘timli fe’llar. 2. O‘timsiz fe’llar.

            O‘timli fe’llar tushum kelishigidagi so‘zlarni boshqarib keladi: ashula (ni) aytmoq, xat (ni) yozmoq, olma (ni) termoq, kitob (ni) o‘qimoq, kino (ni) ko‘rmoq kabi. Qolgan fe’llar esa o‘timsiz fe’llar sanaladi: uchmoq, uxlamoq, yig‘lamoq, kulmoq, gapirmoq, charchamoq, uyalmoq, qulamoq kabi. O‘timsiz fe’llarga orttirma nisbat hosil qiluvchi qo‘shimchalardan mosini qo‘shib, ularni o‘timli fe’lga aylantirish mumkin: qushni uchirmoq, bolasini uxlatmoq, ukasini yig‘latmoq, tomoshabinlarni kuldirmoq, talabani gapirtirmoq, o‘zini charchatmoq, yolg‘onchini uyaltirmoq, devorni qulatmoq, mashinani yurgizmoq kabi.

            O‘zbek tilida fe’l nisbatlari rus tilidagi fe’l nisbatlariga qaraganda son jihatdan ortiqdir. Rus tilida ular uchta bo‘lsa, o‘zbek tilida beshta. Rus tilida faqat o‘timli fe’llardangina nisbat hosil bo‘ladi. O‘zbek tilida har ikkala turdagi fe’llardan ham nisbat hosil qilish mumkin. Aniq nisbatdagi fe’llarning maxsus qo‘shimchasi yo‘q.

            O‘zlik nisbatdagi fe’llar ish-harakatning bajaruv-chisi (subyekti) ham, bajariluvchisi (obyekti) ham bir shaxs yoki narsaning o‘zi ekanligini anglatadi. Bu nisbat fe’lga   -l, -il, -n, -in qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi: yuvinmoq, kiyinmoq, bezanmoq, bo‘yanmoq, taranmoq, surinmoq, yiqilmoq, qoqilmoq kabi. Masalan: Gulsanam tongda turib yuvindi, tarandi, kiyindi va ishga jo‘nadi. Futbolchining oyog‘i qayrilib yiqildi.

            Majhul nisbatdagi fe’l ish-harakatning bajaruvchisini ifodalamaydi. O‘zlik nisbatdagi fe’llar kabi –l, -il, -n, -in qo‘shimchalari yordamida hosil bo‘ladi: bug‘doy ekildi, sayohatga borildi, xat yozildi, maydon shudgorlandi, ishlar bajarildi, hosil to‘plandi, zarar qoplandi kabi. Masalan: Bu yil ob-havo yaxshi kelib, paxta ekilgan barcha yerlar erta shudgorlandi. Bir hafta ichida olmalar terib topshirildi.

            Birgalik nisbatdagi fe’l ish-harakatning ikki va undan ortiq kishi tomonidan amalga oshirilishini anglatadi. Bu nisbat fe’lga sh, -ish, -lash qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi: ikkovlashib ishlashdi, o‘qituvchidan so‘rashdi, ko‘rgani kelishdi, ashula aytishdi, opa-uka suhbatlashdi, tabiat haqida so‘zlashdi, hovlini supirishdi kabi. Masalan: O‘qituvchi dars qoldirayotgan talabalar bilan suhbatlashdi. Ular boshqa dars qoldirmaslikka so‘z berishdi.

            Orttirma nisbatdagi fe’llar ish-harakatning amalga oshishida boshqa biror shaxs yoki narsa vosita bo‘lishini ifodalaydi. Bu nisbat fe’llarga –t, -dir, -tir, -ar, -ir, -giz (-kiz, -qiz, -g‘iz), -gaz, (-kaz, -qaz) qo‘shimchalaridan mosini qo‘shib hosil qilinadi: she’rni o‘qit, bog‘da ishlat, bolalarni kuldir, matnni yozdir, kalitni toptir, otni choptir, xonani supirtir, tomga chiqar, qushlarni uchir, ovqatni pishirtir, mashinani yurgiz, dog‘ni ketkiz, stulga o‘tqiz, uyqudan turg‘iz, suhbat o‘tkaz, ko‘chat o‘tqaz kabi. Masalan: Gulnora ukasiga ertak o‘qityapti. Mushuk daraxtga chiqib, qushlarni uchirdi.

            Fe’lning xoslangan shakllari. O‘zbek tilida fe’lning uchta xoslangan (funksional) shakli mavjud. 1. Harakat nomi.                 2. Sifatdosh. 3. Ravishdosh.

            Harakat nomi fe’lning ot va fe’lga xos xususiyatlarga ega shaklidir. Biroq u fe’ldan ko‘ra ot so‘z turkumiga xos xususiyatlarni o‘zida ko‘proq namoyon qiladi. SHu sababli, ko‘plik, egalik, kelishik qo‘shimchalarini oladi hamda gapda otga xos sintaktik vazifalarni bajarib keladi. Harakat nomi fe’l o‘zagi yoki negiziga –sh, -ish, -v,  -uv,  -moq qo‘shimchalaridan birini qo‘shish orqali hosil qilinadi. Inkor shakli esa –maslik qo‘shimchasi bilan hosil bo‘ladi. Masalan: ishlash, ishlamaslik, ishlov, ishlamoq, to‘qish, to‘quv, to‘qimoq, to‘qimaslik, o‘qish – o‘qishlar – o‘qishim      – o‘qishimni kabi.

            Sifatdosh o‘zida sifat va fe’lga xos xususiyatlarni namoyon qila oladigan fe’l shaklidir. Sifatdosh fe’lga    –gan (-kan, qan), -r,  -ar, -vchi,-uvchi qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi: o‘qigan kitobim, kelgan mehmonlar, ekkan daraxtingiz, taqqan galstugi, oqar suv, aytar gap, yashar joyini, fikrlovchi kishiga, bog‘chada ishlovchi ayollar kabi. Masalan: Men o‘qigan kitoblarimining ro‘yxatini yozib boraman. Bultur ekkan daraxtlarimizning barchasi gulladi.

            Sifatdosh gapda, asosan, aniqlovchi, kesim, otlashganda esa boshqa bo‘laklar vazifasida ham kela oladi.

            Ravishdosh fe’lga –b, -ib, -a, -y, -gach (-kach, -qach),         -guncha (-kuncha, quncha), -gani (-kani, -qani) qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish yo‘li bilan hosil qilinadi. Uning inkor shakli –ma, -may, -masdan qo‘shimchalari yordamida hosil bo‘ladi. Ravishdosh fe’lning ravish va fe’lga xos belgilarga ega shakli hisoblanadi: turib gapirdi, o‘ylab ayting, yura-yura charchadi, o‘qiy-o‘qiy o‘rgandi, kelgach, ekkach, chiqqach, uyga borguncha, ko‘ylagini tikkuncha, qo‘ylarni boqquncha, to‘yga aytgani, chiqindilarni to‘kkani, nishonlarini taqqani kabi. Masalan: O‘ynab aytsang ham, o‘ylab ayt. Men yangi va qiyin so‘zlarni takrorlay-takrorlay yodlab olar edim.

            Fe’llarning yasalishi. O‘zbek tilida fe’llar ikki usul bilan yasaladi. 1. Morfologik usul. 2 Sintaktik usul.

            Morfologik usul bilan sodda yasama fe’llar hosil bo‘ladi. Quyidagi qo‘shimchalar sodda fe’llar yasaydi: -la,     -lan, -lantir,  -lashtir, -y, -a, -r, -ar, -i, -sira, -illa. Masalan: so‘zla, ishla, kuyla, rohatlan, shubhalan, hayajonlan, suhbatlash, harbiylash, keskinlash, chetlat, tomchilat, qoyillat, kuchsizlantir, sho‘rsizlantir, yuqumsizlantir, elektrlashtir, ixtisoslashtir, rasmiy-lashtir, qoray, zo‘ray, ozay, keksay, ko‘kar, qisqar, eskir, boyi, tinchi, yangila, suvsira, xavfsira, begonasira, qarsilla, yaltilla, chiyilla kabi.

            Sintaktik usul bilan qo‘shma va juft fe’llar yasaldi. Qo‘shma fe’llar: ishlab chiqarmoq, sotib olmoq, olib chiqmoq, olib ketmoq, bayon etmoq, qarshi olmoq, qo‘l qo‘ymoq, kasal bo‘lmoq kabilar. Qo‘shma fe’llarni ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shimchalaridan farqlash lozim. O‘zbek tilida faqat ko‘makchi fe’l bo‘ladigan so‘zlar yo‘q. Ol, tur, yur, o‘tir, bo‘l, bitir, yot, boshla, ber, qol, qo‘y, chiq, bor, kel, ket, yubor, tashla, sol, tush, o‘t, ko‘r, qara kabi mustaqil ma’noli fe’llar ko‘makchi fe’l vazifasini bajarib kelishi mumkin. Ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmalarida oldin kelgan so‘z yetakchi, keyin kelgan so‘z ko‘makchi fe’l sanaladi. Mazmun yetakchi fe’l orqali yetkazilib, ko‘makchi fe’l, nomi aytib turganidek, unga yordam beradi. Ba’zan yetakchi fe’l bitta bo‘lgani holda, ko‘makchi fe’l bir necha bo‘lishi ham mumkin. Ko‘makchi fe’lsiz ham yetakchi fe’lning o‘zi fikrni ifodalashi mumkin bo‘ladi. Qo‘shma fe’llarning tarkibini esa ajratish mumkin emas. Ular birgalikda yangi ma’no ifodalash uchun xizmat qiladi. Ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmalari: o‘qib tur, o‘qib ol, o‘qib bo‘l, o‘qib yur, o‘qib o‘tir, o‘qiy boshla, o‘qib qo‘y, o‘qib chiq, o‘qib kel, o‘qib yubor, o‘qib tashla, o‘qib ko‘r kabi.

            Juft fe’llar ikki har xil fe’lning o‘zaro teng aloqaga kirishuvidan hosil bo‘ladi: oldi-qo‘ydi, bordi-keldi, yozdi-oldi, aytdi-qo‘ydi, oldi-qoldi, keldi-ketdi kabi. Ular har doim chiziqcha bilan yoziladi.

            O‘zbek tilida o‘z lug‘aviy ma’nosini yo‘qotgan edi, ekan, emish, emas to‘liqsiz fe’llari mavjud bo‘lib, ular gap tarkibida fe’llar va fe’l bo‘lmagan so‘zlar bilan birga qo‘llanadi: kelgan – kelgan edi, o‘qigan – o‘qigan ekan, yozgan – yozgan emish, o‘qituvchi – o‘qituvchi edi, haydovchi – haydovchi ekan, yolg‘onchi – yolg‘onchi emish, yozgan – yozgan emas, chiroyli – chiroyli emas. To‘liqsiz fe’llar o‘zi ergashib kelgan so‘zga turli qo‘shimcha ma’nolar berish uchun xizmat qiladi.

        Fe’llarning sintaktik vazifasi. Fe’llar gapda, asosan, kesim vazifasini bajaradi: Gulbahor bu yil universitetning iqtisodiyot fakultetini bitirdi.     

Fe’lning xoslangan shakllari gapda boshqa sintaktik vazifalarni ham bajarib kela oladi. Harakat nomi ega, kesim, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, hol vazifalarini bajaradi.

            Ega: Yolg‘on gapirish – insonning obro‘yini to‘kadi.

            Kesim: Maqsadimiz – farovon yashash.

            To‘ldiruvchi: Jazirama yozda daryoda maza qilib suzishni kim yoqtirmaydi!?

            Aniqlovchi: Oftobda toblanishning kishi sog‘lig‘iga foydasi katta.

            Hol: Biz bu yerga ilm o‘rganish uchun kelganmiz.

            Sifatdosh, asosan, aniqlovchi, kesim, otlashganda esa ega, to‘ldiruvchi, undalma, qaratqichli aniqlovchi vazifalarida keladi.

            Aniqlovchi: Aytilgan gap – otilgan o‘q.

            Kesim: Bu gap ming marta aytilgan.

            Ega: Mehnat qilgan – rohat ko‘radi.

            To‘ldiruvchi: Yolg‘on gapiradiganlarni kim ham yoqtiradi.

            Undalma: Kech qolganlar, dekanning nomiga tushuntirish xati yozasizlar.

            Qaratqichli aniqlovchi: Betga aytganning zahri yo‘q.

            Ravishdosh gapda asosan hol, ba’zan kesim vazifalarida keladi.

            Hol: Biz bugun futbol tomosha qilgani stadionga bormoqchimiz.

            Kesim: Qo‘ng‘iroq chalingach, hamma o‘quvxonalari tomon shoshildi. To‘yning vahimasi boshlanguncha.

RAVISH. HOLAT RAVISHLARI. PAYT RAVISHLARI. O‘RIN RAVISHLARI. DARAJA-MIQDOR RAVISHLARI. SABAB RAVISHLARI. MAQSAD RAVISHLARI. RAVISHLARNING TUZILISHIGA KO‘RA TURLARI.

            O‘zbek tilida ham, rus tilida ham ravish turkumiga oid so‘zlar ish-harakat yoki holatning belgisini ifodalash uchun xizmat qiladi. Rus tilida ravishga oid so‘zlar hech qanday qo‘shimchalarni olmaydi va, shunga ko‘ra, ular o‘zgarmasdir. O‘zbek tilida esa ravishlarga ayrim qo‘shimchalarni qo‘shish mumkin: erta – ertaga - ertadan,  nari – nariga – narida – naridan, kechqurun – kechqurungacha, hozir – hozirdan – hozirdanoq kabi.

            Ravishlar anglatgan ma’nolariga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi: 1. Holat ravishlari. 2. Payt ravishlari. 3. O‘rin ravishlari. 4. Daraja-miqdor ravishlari. 5. Sabab ravishlari. 6. Maqsad ravishlari.

            Holat ravishlari ish-harakatning qay holatda, tarzda, qanday qilib bajarilishini anglatadi:  tez, asta, sekin, jim, yayov, piyoda, xomligicha, darrov, darhol, birdan, birga, qo‘qqisdan, majburan, tasodifan, astoydil, yaqqol, mardlarcha, qahramonlarcha, qatorasiga, bittalab, birma-bir, yonma-yon, arang, zimdan, qiyg‘os, zo‘rg‘a, boshqacha, qushday, askardek, odamday va hokazo.

            Holat ravishlari gapda tarz holi, aniqlovchi, kesim vazifalarida keladi. Masalan: Ikki o‘rtoq sanoat mollari do‘konigacha yonma-yon suhbatlashib borishdi. Qip-qizil gilamdek lola-qizg‘aldoqlar tovlanib ko‘zni qamashtiradi. Auditoriya suv qo‘ygandek jim, hamma sukutda.

            Payt ravishlari ish-harakatning bajarilish paytini bildiradi: erta, indin, bugun, kecha, avval, hamisha, hali, hanuz, keyin, so‘ng, so‘ngra, ilgari, ertalab, endi, tunov kun, bultur, qadim, oldin, allaqachon, hamon, kechasi, yiliga, tezdan, yaqinda, hech qachon, dastlab, kunduzi, har kuni, kuni bilan, hozir, yildan-yilga, erta-indin, qishin-yozin, doim, har vaqt kabi. Payt ravishlari gapda payt holi bo‘lib keladi. Masalan: Bu xatni egasiga shu bugunoq yetkazish kerak.        

            O‘rin ravishlari ish-harakatning bajarilish o‘rnini, yo‘nalishini bildiradi: quyida, nari, beri, u yoqqa, bu yoqqa, allaqayerda, allaqayerga, allaqayerdan, unda-bunda, hech yoqqa, olg‘a, shu yerda, har yerda, o‘rtada, ichkari, tashqari va hokazo. O‘rin ravishlari gapda o‘rin ravishi vazifasini bajaradi. Masalan: Qo‘shnimiz har kuni ertalab allaqayerga borib keladi.

            Daraja-miqdor ravishlari ish - harakatning bajarilish darajasini, miqdorini ko‘rsatadi. Ma’nosiga qarab ularni ikki turga bo‘lish mumkin.

1. Daraja ravishlari: juda, g‘oyat, g‘oyatda, nihoyatda, obdan, rosa, aslo, har qancha, ozmuncha, sira, hech, benihoya, eng, tamoman, uncha, o‘ta, zir, asti, zinhor, hargiz, hadeganda va hokazo.

            2. Miqdor ravishlari: ko‘p, oz, kam, bir oz, picha, qittak, xiyol, yana, tag‘in, sal-pal, jindek, mo‘l va hokazo.

            Daraja-miqdor ravishlari gap tarkibida daraja-miqdor holi vazifasini bajarib keladi. Shuningdek, kesim, aniqlovchi, otlashganda esa ega, qaratqichli aniqlovchi va to‘ldiruvchi bo‘lib kela oladi. Masalan:

            Hol: Bu gaplarni zinhor birovga ayta ko‘rma.

            Aniqlovchi: Ko‘p gap eshakka yuk, tezroq ishni tugatish kerak.

            Kesim: Ishyoqmasning bahonasi ko‘p.

            Ega: O‘ylaymanki, ko‘plar bu gapdan mutlaqo bexabar.

            Qaratqichli aniqlovchi: Ko‘pning fikriga qarshi borib bo‘lmaydi.

            To‘ldiruvchi: Ozni ham, ko‘pni ham qanoatli, sabrli odam topadi.

Sabab ravishlari ish-harakatning bajarilish sababini anglatadi: noiloj, chor-nochor, noilojlikdan, chorasizlikdan. Sabab ravishlari gapda sabab holi vazifasida keladi. Masalan: Bu xabarni eshitib, men noiloj darvozadan qaytishga majbur bo‘ldim. 

Maqsad ravishlari ish-harakatning bajarilishidan ko‘zda tutilgan maqsadni ifodalaydi: atay, atayin, ataylab, jo‘rttaga, qasddan kabi. Maqsad ravishlari gapda maqsad holi bo‘lib keladi. Masalan: Kecha ular ikkovi atayin ishxonamga qidirib kelishgan ekan.

Ravishlarning ayrimlari sifatlar kabi belgini darajalab ko‘rsata oladi: tez yurmoq, tezroq yurmoq, juda tez yurmoq; ko‘p tutmoq, ko‘proq tutmoq, nihoyatda ko‘p tutmoq; sekin suzmoq, sekinroq suzmoq, juda ham sekin suzmoq kabi.

Ravishlar ham morfologik va sintaktik usullar bilan yasaladi. Quyidagi qo‘shimchalar yordamida morfologik usul bilan sodda yasama ravishlar hosil bo‘ladi: -cha, -lar,    -lab, -ona, -an, -ligicha, -lay, -dek, -day, -chasiga. Misollar: o‘zbekcha, yangicha, hozircha, mardlarcha, do‘stlarcha, qarindoshlarcha, yillab, oylab, tonnalab, do‘stona, oqilona, mardona, taxminan, majburan, xayolan, xomligicha, butunligicha, ko‘kligicha, yoshlay, tiriklay, yashinday, o‘qdek, yigitchasiga, qishloqchasiga, ochiqchasiga kabi.

Sintaktik usul bilan qo‘shma va juft ravishlar yasaladi: birmuncha, birvarakay, har vaqt, bir lahza, hech qachon, har zamon, shu yerda, tunov kun, asta-sekin, uzil-kesil, erta-kech, kecha-kunduz, kundan-kunga, yuzma-yuz, rang-barang, ko‘chama-ko‘cha kabi.

YORDAMCHI SO‘Z TURKUMLARI

Yordamchi so‘zlar nutqda mustaqil so‘zlar orasidagi grammatik munosabatlarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Ular sirasiga bog‘lovchilar, yuklamalar va ko‘makchilarni kiritish mumkin.

Bog‘lovchilar gapning uyushiq bo‘laklarini hamda qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni o‘zaro bog‘lash uchun xizmat qiladi. Bog‘lovchilarni vazifasiga ko‘ra ikki turga bo‘lish mumkin. 1. Teng bog‘lovchilar: va, hamda, ammo, lekin, biroq, balki, yo, yoki, yoxud, yoinki, goh..., goh, dam..., dam, ba’zan..., ba’zan, ham..., ham. 2. Ergashtiruvchi bog‘lovchilar: chunki, shuning uchun, negaki, toki, go‘yo, go‘yoki, gar, agar, agarda, basharti, garchi, garchand, -ki, -kim. Masalan: Bugun biz o‘zbek tili darsida matn tarjima qildik va mashqlar ishladik. Kecha havo bulut bo‘ldi, ammo yomg‘ir yog‘madi. Yo‘lda avtobus buzildi, shuning uchun men darsga o‘n daqiqa kech qoldim.

Yuklamalar butun bir gapga yoki uning ayrim bo‘laklariga turli qo‘shimcha ma’no berish uchun xizmat qiladi. Ular tuzilishiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:  1. Qo‘shimcha yuklamalar: -mi, -chi, -a, -ya, -ku, -gina, -da, -oq,    -yoq. 2. So‘z yuklamalar: hatto, faqat, axir, xuddi, naq, ham, nahotki. So‘z yoki gapga qo‘shimcha ma’no berish xususiyatlariga ko‘ra yuklamalarni  bir necha guruhlarga bo‘lish mumkin.

1. Ko‘chaytiruv yuklamalari: hatto, hattoki, axir, nahotki, ham, -ku, -u, -yu, -da, -oq, -yoq.

2. Chegaralov yuklamalari:faqat,faqatgina,-gina(-kina,-qina).

3. So‘roq yuklamalari: -mi, -chi, -a, -ya.

4. Aniqlov yuklamalari: xuddi, naq.

Masalan: Siz «Turkiston» gazetasiga obuna bo‘ldingizmi? O‘zingiz-chi?

Ko‘makchilar ot yoki otlashgan so‘zlarga bog‘lanib, uning boshqa bo‘laklar bilan munosabatini ifodalaydi.  Ko‘makchi o‘zi bog‘langan so‘z bilan birgalikda bir so‘roqqa javob bo‘lib, birgalikda bir gap bo‘lagi vazifasida keladi. Ko‘makchi o‘zi mustaqil holda gap bo‘lagi bo‘la olmaydi. Ko‘makchilar vazifasiga ko‘ra  rus tilidagi predloglarga yaqin turadi. Ko‘makchilar grammatik ma’nolariga ko‘ra uch turga bo‘linadi. 1. Sof ko‘makchilar. 2. Ot ko‘makchilar. 3. Fe’l ko‘makchilar.

Sof ko‘makchilarga quyidagilar kiradi: bilan, uchun, kabi, singari, sayin, sari, uzra.

Ot ko‘makchilar: tomon, tashqari, burun, ilgari, keyin, so‘ng, old, huzur, orqa, ket, yon, o‘rta, ora, ich, tag, ost, ust, tepa, to‘g‘ri, haq, xusus, yuza, bo‘y va hokazo.

Fe’l ko‘makchilar: ko‘ra, yarasha, qarab, boshlab, tortib, qaramay, qaraganda, osha, bo‘ylab va hokazo. Masalan: Bir guruh talabalar hozirgina kutubxona tomon o‘tishdi. Ikkinchi kurs talabalari birinchi kurs talabalariga qaraganda ancha tajriba orttirgan bo‘lishadi.

            ALOHIDA GURUH SO‘ZLAR TURKUMI

O‘zbek tilida mustaqil so‘zlarga ham, yordamchi so‘zlarga ham kirmaydigan, o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan ham ajaralib turadigan uch toifa so‘zlar turkumi bor. Ularni shartli ravishda alohida guruh so‘zlar turkumiga ajratish mumkin. Bularga undov so‘zlar, taqlid so‘zlar va modal so‘zlarni kiritish mumkin. Bu guruhlarga mansub so‘zlar lug‘aviy ma’no ifodalamasa-da, undov va taqlid so‘zlar gap tarkibida ma’lum sintaktik vazifalar bajarib keladi, so‘zlovchining o‘z fikriga, atrofdagilarga munosabatini ifodalash uchun xizmat qiladi.

Undov so‘zlar kishilarning his-tuyg‘ularini, hayvon va parrandalarga nisbatan buyruq-xitoblarini ifodalaydi. Undov so‘zlarni ikki turga bo‘lish mumkin.

1. His-tuyg‘u undovlari: eh, oh, uh, himm, be, xo, hech, ey, ho, uf, tuf, dod, voy, hah, obbo, ura, o‘ho‘, e-ha, e-he, i-i, iye, huv, hov, hoy, hey, tss, marsh, bas, hormang, bor bo‘ling, rahmat, qani, allo, salom, xayr, ofarin, balli, qulluq, brakalla va hokazo.     

2. Buyruq-xitob undovlari: beh-beh-beh, tu-tu-tu, chigi-chigi, quray-quray, kuch-kuch, bah-bah, mah-mah, pish-pish, mosh-mosh, xix, ishsh, kisht, chuh, chu, hayt, cho‘k-cho‘k, drr, trr, tak-tak, tek, pisht, tur, chak, cha, xo‘o‘sh, ho‘o‘k va hokazo.

Taqlid so‘zlar rus tilida o‘zbek tilidagi kabi keng qo‘llanmaydi. O‘zbek tilida atrofimizdagi turli-tuman narsalar, jonli va jonsiz tabiat tovushlari, shu’la-harakatga nisbatan taqlidan hosil qilingan so‘zlar mazkur turni tashkil etadi. Ularni ikki turga bo‘lish mumkin. 1. Tovushga taqlid bildiruvchi so‘zlar. 2. Shu’la-harakatga taqlidni bildiruvchi so‘zlar.

Tovushga taqlid so‘zlar: qars, tars, tiq, taq, duk, kurt-kurt, kirt-kirt, g‘ichir, shtir, g‘iyq, vishsh, vizz, g‘uv-g‘uv, parr, qarr, g‘a-g‘a, g‘aq-g‘aq, g‘a-qa-qa, qo‘q-qo‘qo‘q-qo‘o‘, vaq-vaq, miyov, ang-ang, mee, mo‘o‘, irr, uvv, vov, bidir-bidir, qult-qult, kasir-kusir, inga-inga, shivir-shivir, shaqir-shuqur, g‘ir-g‘ir va hokazo.

Shu’la-harakatga taqlid so‘zlar: yalt, yult, yarq, lim-lim, bij-bij, vij-vij, gir-gir, hang-mang, lapang-lapang, lang va hokazo.

Modal so‘zlar har ikkala tilda ham so‘zlovchining o‘z nutqiga bo‘lgan munosabatini ifodalash uchun xizmat qiladi. O‘zbek tilida quyidagi so‘zlar modal so‘zlar sanalib, ular gapda kirish bo‘lak vazifasida keladi: albatta, haqiqatan, tabiiy, balki, chamasi, ehtimol, aftidan, shubhasiz, darhaqiqat, shekilli, mazmuni, aslida, rostdan, hoyna-hoy, o‘z-o‘zidan, har qalay, har holda, so‘zsiz, shaksiz, darvoqe  va hokazo.

SO‘Z TARKIBI VA SO‘ZLARNING TUZILISHIGA KO‘RA TURLARI

So‘z tarkibi. So‘zning bo‘linmas, eng kichik ma’noli qismi morfema deyiladi. Morfemalar so‘zning ma’nosiga munosabati jihatdan ikki turga bo‘linadi. 1. O‘zak morfema. O‘zak morfema lug‘aviy ma’no ifodalaydi: ish, kishi, ko‘z, sigir, to‘rt, kel, yugur, asta, sariq, og‘ir kabi. 2. Qo‘shimcha morfema. Qo‘shimcha morfema o‘zi mustaqil holda lug‘aviy ma’no ifodalamaydi. So‘zga birikib kelib, yangi ma’noli so‘z yasaydi, uning asl ma’nosiga har xil ma’nolar beradi yoki so‘zlarni o‘zaro bog‘laydi: bola-lar, bola-gina, un-tacha,      kel-moqda, bor-moqchi, gul-zor, kuz-gi, qish-ki, kel-guncha, chiq-qach kabi.

So‘zning asosini o‘zak tashkil qiladi. O‘zakka yasovchi qo‘shimcha qo‘shilishi bilan negiz hosil bo‘ladi: paxta-kor, paxta-zor, paxta-chi, paxta-li; ish-chi, ish-chan, ish-la, ish-siz, ish-xona kabi.

Qo‘shimcha morfemalar vazifasiga ko‘ra uch xil bo‘ladi.         1. So‘z yasovchi morfemalar. 2. Shakl yasovchi morfemalar.       3. So‘z o‘zgartuvchi morfemalar.

So‘z yasovchi qo‘shimcha (morfema)lar o‘zakka qo‘shilib, yangi ma’noli so‘z yasaydi. Bunday qo‘shimchalar yordamida ot, sifat, fe’l va ravish turkumiga oid so‘zlar yasaladi. 1. Ot yasovchi qo‘shimchalar: -chi, -kor, -shunos, -kash, -xon, -do‘z, -gar, -soz,     -paz, -boz, -xo‘r, -parast, -dor, -bon, -dosh, -don, -xona, -ma,    -ch, -obod.

2. Sifat yasovchi qo‘shimchalar: -li, xush-, bad-, sur-, ba-, be-, no-, -mand, -siz, -chan, -chak, -ag‘on, -mon, -gi, -ki, -qi,       -mas, -iy, -viy, -simon, -parvar, -aki, -bop.

3. Fe’l yasovchi qo‘shimchalar: -la, -lan, -lash, -illa, -ira,  -a, -ay, -y, -ar, -r, -sira, -i, -ik, -iq, -t.

4. Ravish yasovchi qo‘shimchalar: -cha, -larcha, -chasiga, -siga,  -iga, -ona, -lab, -an, -chang, -lay.

Shakl yasovchi qo‘shimchalar so‘zning lug‘aviy ma’nosini butunlay o‘zgartirmay, unga qo‘shimcha ma’no yuklash uchun xizmat qiladi. Bunday qo‘shimchalar barcha mustaqil so‘z turkumlariga kiruvchi so‘zlarga qo‘shilib kelishi mumkin. Ot so‘z turkumiga xos so‘zlarga: dala-lar, qiz-gina, buzoq-cha, toy-choq, kelin-chak, bo‘ta-loq kabi. Sifat so‘z turkumiga xos so‘zlarga: oq-ish, katta-roq, ko‘k-imtir, qora-mtir, sariq-qina, kichik-kina, yengil-gina. Son so‘z turkumiga xos so‘zlarga: o‘n-ta, yuz-tacha, ming-larcha, million-lab, besh-tadan, uch-ov, to‘rt-ovlon, uch-ala kabi. Olmosh so‘z turkumiga xos so‘zlarga: kim-dir, alla-nima. Fe’l so‘z turkumiga xos so‘zlarga: o‘qi-t, yoz-dir, kel-sa, bor-di, ayt-gin, ko‘r-sin, art-ish, sur-moq, ol-moqchi, tur-gan, kul-ib kabi. Ravish so‘z turkumiga xos so‘zlarga: bugun-oq, ertaga-yoq, kech-roq, ko‘p-gina kabi.

So‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalar so‘zlarning nutqda o‘zaro sintaktik aloqaga kirishuvlarini ta’minlash uchun xizmat qiladi. So‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalarga quyidagilar kiradi:  1. Kelishik qo‘shimchalari: -ning, -ni, -ga, -ka, -qa, -da, -dan. 2. Egalik qo‘shimchalari: -m, -im, -ng, -ing, -si, -i, -miz,       -imiz, -nigiz, -ingiz, -lari. 3. Fe’llardagi shaxs-son qo‘shimchalari: -man, -san, -ti, -miz, -siz, -tilar, -m, -ng, -k, -ngiz kabi. Bunday qo‘shimchalar yangi so‘z ham yasamaydi, so‘zga qo‘shimcha ma’no ham bermaydi. So‘zlarni o‘zaro bog‘lash uchun xizmat qiladi. Masalan: Men universitet-da o‘qiy-man. Dars-imiz soat o‘n-da boshlana-di.

So‘zlarning tuzilishiga ko‘ra turlari. O‘zbek tilida so‘zlar tuzilishiga ko‘ra uch turga bo‘linadi. 1. Sodda so‘zlar. 2. Qo‘shma so‘zlar. 3. Juft so‘zlar.

Sodda so‘zlar ham o‘z navbatida ikki turga bo‘linadi.       1. Sodda tub so‘zlar. 2. Sodda yasama so‘zlar. Sodda tub so‘zlar birgina o‘zakdan tashkil topib, tarkibida so‘z yasovchi qo‘shimchalar bo‘lmaydi: bog‘, bog‘lar, bog‘larda, bog‘lardadir. Sodda yasama so‘zlar tarkibida so‘z yasovchi qo‘shimchalar mavjud bo‘ladi: bola-li, bola-siz, bola-lik, bola-larcha, bola-simon, bola-dek kabi.

Qo‘shma so‘zlar ikki va undan ortiq so‘zning o‘zaro birikuvidan hosil bo‘ladi. 1. Qo‘shma otlar: gultojixo‘roz, gulhamishabahor, suvilon, toshbaqa, tog‘olcha, Oqdaryo, Qiziltepa, O‘rta Osiyo, Quyi Chirchiq, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on kabi. 2. Qo‘shma sifatlar: sohibjamol, mehmondo‘st, o‘zbilarmon, qo‘lbola, ustabuzarmon, tinchliksevar, ertapishar, hozirjavob kabi. 3. Qo‘shma fe’llar: sotib olmoq, javob bermoq, olib kelmoq, olib chiqmoq, bayon etmoq, qo‘l qo‘ymoq, himoya qilmoq, qaror qilmoq kabi. 4. Qo‘shma ravishlar: bir oz, har zamon, bir yoqqa, hech qachon, har qachon, biryo‘la, ozmuncha, allaqayda, shu yerda, o‘tgan kuni, hamma vaqt kabi.

Juft so‘zlar ikki har xil so‘zning o‘zaro teng bog‘lanishidan hosil bo‘ladi. Nutqda juftlanib yoki takror holda qo‘llanish barcha mustaqil so‘z turkumlariga xos xususiyatdir. Juft otlar: ota-ona, er-xotin, kuch-quvvat, tog‘-tosh, gap-so‘z, kiyim-kechak, temir-tersak, g‘ala-g‘ovur, shovqin-suron kabi. Juft sifatlar: oq-qora, katta-kichik, baland-past, yaxshi-yomon kabi. Juft sonlar: besh-olti, qirq-ellik, bir-ikki, o‘n besh-o‘n olti, bir-ikki yuz, o‘n besh - yigirma. Juft olmoshlar: sen-men, siz-biz, u-bu, shu-shu, o‘sha-o‘sha. Juft fe’llar: oldi-ketdi, ketdi-bordi, aytdi-qo‘ydi, o‘tdi-ketdi, qirdi-tashladi. Juft ravishlar: asta-sekin, erta-kech, eson-omon, kecha-kunduz, uzil-kesil, qishin-yozin kabi.